08.04.2022
Xabaringiz bor, joriy yil 16-mart kuni Prezidentimiz Davlat soliq qo‘mitasiga tashrif buyurib, soliq organlari xodimlari bilan muloqot davomida tadbirkorlar bilan uchrashib ularning muammolarini o‘rganish, soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlar bo‘yicha tushuntirishlar berish yuzasidan zarur topshiriqlar bergan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini bajarish, tumanda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish va qisqa muddatda ijobiy hal etish maqsadida joriy yilning 28-mart kuni Navbahor tumanida ham Davlat soliq qo‘mitasi rahbariyati ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Mazkur muloqotlarda tadbirkorlar ishtirok etib, ular duch kelgan muammolar va ularni o‘ylantirayotgan savollar batafsil o‘rganildi. Deyarli barcha masalalar uchrashuvning o‘zida ijobiy yechim topdi.
Bugungi kunda ham “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tuman soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlar huzuriga borgan holda ularning muammolarini o‘rganib, sayyor soliq maslahatlari ko‘rsatilmoqda.
Masalan, 1-chorak davomida 89 ta korxonalarning muammolari batafsil o‘rganildi. Natijada, soliq xizmati organlari xodimlari ko‘magi bilan 11 ta muammolar ijobiy hal etildi. Bugungi kunda boshqa tashkilotlar bilan bog‘liq masalalar qat’iy nazoratga olinib, hamkorlikda hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida soliq turlari bo‘yicha 7 ta subyektlarning 7,6 million so‘m mavjud ortiqcha to‘lov summasi qaytarib berildi.
Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda soliq to‘lovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida elektron xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamining yanada kengaytirilayotgani muhim omil bo‘lmoqda. Masalan, bugungi kunga qadar tumanda “E-ijara” avtomatlashtirilgan dasturiy mahsuloti orqali shartnomalar ro‘yxatga olinmagan.
E’tiborli jihatlardan yana biri, soliq islohotlarining jadallik bilan amalga oshirilishi hamda soliq mexanizmlarining yanada soddalashishi natijasida, yashirin iqtisodiyot keskin qisqarib, soliq tushumlari sezilarli darajada ortmoqda. Masalan, G’ozg’on shahrining 2022 yil 1-choragi uchun belgilangan 756,7 mln.so‘mlik budjet prognoz rejasi 987,3 mln so‘mga (130,5 %) ortig‘i bilan bajarilib, 230,6 mln so‘mga ko‘p mablag‘ davlat budjetiga tushishiga erishildi.
Joriy etilgan qator soliq imtiyozlari, soliq yuki va turlarining kamaytirilganligi to‘g‘risida tadbirkorlar o‘rtasida olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida 59 ta norasmiy ish o‘rinlari qonuniylashtirildi. Muhimi, fuqarolar muqim ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.
Shu o‘rinda ta’kidlash o‘rinliki, bugungi tadbirkor kechagisidan tubdan farq qiladi. Qonunchiligimiz ham ular uchun qator yengillik va qulaylik yaratishga qaratilgan. Buning natijasida, iqtisodiyotda xufyona bozor mexanizmlariga o‘z-o‘zidan chek qo‘yilmoqda. Halol tadbirkor uchun shaffof va qonuniy ishlaydigan davr keldi.
Bugungi kunda qo‘lida hunari bor yoki uyda yakka tartibda ma’lum faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarimiz talaygina. Ularning o‘zini o‘zi band qilishi, ish stajiga ega bo‘lishi uchun soliq xizmati organlari tomonidan doimiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning 1-choragi yakuni bilan tumanda 158 nafar fuqarolar o‘zini o‘zi band qilish tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tib, muayyan faoliyat turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Eng muhimi, ularning 29 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.
Hurmatli soliq to‘lovchilar! Biz soliq xizmati organlari xodimlari sizlarning muammolaringiz qonuniy hal etish, faoliyatingiz davomida yuzaga kelgan barcha tushunmovchiliklarga yechim topishda doimiy ko‘mak berishga tayyormiz.