19.07.2022
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabridagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq respublikamizda 2023- yilning 1-25 noyabr kunlari aholini ro‘yxatga olish tadbiri amalga oshiriladi.
Aholini ro‘yxatga olish tadbiri davomida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, doimiy yoki vaqtincha yashovchi yoxud vaqtincha O‘zbekiston Respublikasida bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, ammo aholini ro‘yxatga olish davrida vaqtincha xorijiy davlat hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari respondent sifatida ro‘yxatga olinadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalari xodimlari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ularning o‘zi bilan birga bo‘lgan oila a’zolari, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan xalqaro hukumatlararo tashkilotlardagi kvotalangan lavozimlarga yuborilgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ro‘yxatga olinadi.
Shu bilan birga, aholi soni va uning tarkibini hisoblashda bir yildan ortiq muddatda mamlakat hududida bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditasiya qilingan chet davlatlar doimiy vakolatxonalarining, xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar va chet davlatlar hukumat tashkilotlari vakolatxonalarining xodimlari bo‘lgan chet el fuqarolari hamda ularning oila a’zolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq diplomatik imtiyozlarga va immunitetga ega bo‘lgan boshqa shaxslar hisobga olinmaydi.
Respondentlar o‘zining (doimiy yoki vaqtincha) yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinadi. Bu joy respondent ro‘yxatdan o‘tgan (ro‘yxatga qo‘yilgan) manzil bilan mos kelishi yoki mos kelmasligi ham mumkin.
Aholini ro‘yxatga olish tadbiri davomida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga jalb etilgan shaxslarning xavfsizligini, jinoyatchilik ko‘p uchraydigan hududlar va tarbiyasi og‘ir oilalar ro‘yxatlari shakllantirilishini, o‘z xodimlarining ro‘yxatga oluvchi xodimlar bilan birgalikda ro‘yxatga olish jarayonida ishtirok etishini, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida hududlarda tinchlik va osoyishtalikni, jamoat tartibini, fuqarolar xavfsizligini ta’minlaydi.