05.09.2022
Hurmatli xalq ta’limi tizimi xodimlari, ustozlar va aziz o‘quvchilar!
Sizlarni yangi — 2022/2023-o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan samimiy tabriklayman.
Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz turmush faravonligini oshirish, xususan, xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, farzandlarimizning yetuk va barkamol avlod bo‘lib kamol topishi yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida sizlarning ham munosib hissangiz katta ekanligini yana bir bor ta’kidlab o‘tishdan mamnunman.
Murakkab va sharafli sohamizda olib borilayotgan ko‘p qirrali islohotlarni amaliyotga joriy etish, yurtimiz yoshlarining ertangi porloq va baxtli hayotini ta’minlash, ularning bilimli, yurtimizga sodiq va fidoyi insonlar bo‘lib voyaga yetishida har biringizning alohida o‘rningiz, xizmatingiz bor.
Aziz o‘quvchilar!
Maktabda sevimli ustozlaringizdan olayotgan bilimingiz, ta’lim-tarbiya va hayotiy saboqlaringiz kelajakda nafaqat o‘zingizning kamolotingiz, balki mamlakatimiz taraqqiyoti va faravonligini ta’minlashda g‘oyat muhim ekanligini barchangiz yaxshi anglab turibsiz.
Yurtimiz kelajagi, yaqin insonlaringizning baxtli hayot kechirishi bevosita sizning bugun olayotgan bilimingiz va oldingizga qo‘ygan ertangi maqsadlaringiz ijobatiga bog‘liq. Shunday ekan, barchangizdan boshlanayotgan yangi o‘quv yilida yanada qunt bilan bilim olish, ustozlaringiz va ota-onalaringizning o‘gitlariga muntazam amal qilish talab etiladi.
Qadrli o‘g‘il-qizlar!
Shuni unutmangki, buyuk bobokalonlarimiz — Xorazmiy, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek kabi o‘nlab sohalarning bilimdoni va dahosi bo‘lib yetishishingizda sizga faqat va faqat ta’lim yordam beradi. Oldingizga yuksak marralarni qo‘yib, qunt bilan saboq olishingiz sizni ana shunday baland parvozlarga tayyorlay oladi.
Maktab — orzularga qanot bag‘ishlaydigan, har bir o‘quvchining kelajak maqsadlari ijobatiga poydevor bo‘luvchi muqaddas maskan. Maktab — har bir o‘quvchining ma’naviy uyi, unda olinayotgan bilim va saboqlar esa sizlar uchun katta boylik, yo‘qolmas xazinadir.
Xulosa shuki, yurtimizning kelajakda taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qo‘shilishi va rivojlanishi sizlarning mazkur maskanda olayotgan ma’naviy boyligingizga bog‘liq.
Dono xalqimiz ta’biri bilan aytganda, bilim — har qanday vaqtda yo‘lingizga mayoq bo‘ladi, sizga dunyo eshiklarini ochadi.
Ishonamanki, siz maktabda olayotgan yuksak bilim va tarbiyangiz bilan bu davonlardan og‘ishmay o‘ta olasiz.
Yangi o‘quv yilida barchangizga katta ishtiyoq va kuch-quvvat tilagan holda, ta’lim jarayonida erishgan yutuqlaringiz bilan ustozlaringiz va yaqinlaringizning yuzini yorug‘ qilishingizga ishonaman.