30.09.2022
Oʼzbek xotin-qizlari, xususan, yosh qizlarimizning kiyinish madaniyatini yuksaltirish, milliy qadriyatlarimizning mazmun-mohiyatini chuqur anglatish, mentalitetimizga xos, bugungi kunda hatto xorijiy sayyohlarni ham doimiy eʼtibori hamda eʼtirofiga sazovor boʼlib qolayotgan oʼzbekona kiyinish madaniyatimizning targʼibotiga xizmat qiladigan ushbu tadbir Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashabbusi, tuman hokimligining qoʼllab-quvvatlashi, shahar mahallalari xotin-qizlar faollari, shahar Xalq taʼlimi boʼlimi, shahar Maktabgacha taʼlim tashkiloti, ijodiy-madaniy targʼibotchilar hamda boshqa bir qancha tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
Аsosiy maqsadi qatorida, kelgusida, bir qancha ezgu maqsadlarni nazarga tutgan ushbu chorlov tadbiri ishtirokchilarining takliflariga koʼra, har haftaning bir kunini joylarda "Milliy liboslar kiyish" kuni deb eʼlon qilinishiga hamda ushbu mazmundagi tadbirlar uyushtirishga kelishib olindi.
“Atlas” so’zi arab tilidan tarjima qilganda tekis, silliq degan ma`noni anglatadi. U tanda ipi ham, arqoq ipi ham tabiiy ipakdan to‘qiladigan bir yuzlama silliq mato hisoblanadi.
Alohida ishlov berib atlasga jilo beriladi, shunga ko‘ra u tovlanib turadi. Atlasning tabiiy ipakdan to‘qilgan eng a`lo navi sakkiz tepkili xonatlas deb ataladi. Xonatlasning barcha siri uning tuzilish hamda to‘qilish usulidadir.
Atlas to‘qish Marg‘ilonda juda qadimdan rivojlangan va boshqa joylarga tarqalgan. XX asr boshlarida bu yerda ko‘plab atlas to‘quvchi kosiblar bo‘lishgan.
Atlas to‘qishdagi o‘ziga xos o‘rilish Tanda iplari arqoq iplarini yopib o‘tgan joylarda ular o‘zaro yotmaydi, balki bir necha ip siljib o‘tadi.
Rapportdagi tanda va arqoq iplari soni kamida beshta bo’ladi. Atlas o‘rilishi bilan to‘qilgan gazlamalarning sirti silliq bo‘lib, faqat arqoq yoki tanda iplarini yopib o‘tgan joylari uzun bo‘lib ko‘rinadi. Agar gazlama sirtida arqoq iplari tanda iplarini ko‘rpoq yopib o‘tgan bo‘lsa, bunday gazlama arqoq atlasi yoki satin deb ataladi. Agar gazlama sirtida tanda iplari arqoq iplarini ko‘proq yopib o‘tgan bo‘lsa, bunday gazlama tanda atlasi yoki atlas deb ataladi.
Adras-tanda ipi tabiiy ipakdan, arqog‘i qalin ipdan to‘qilgan gazlamadir. Guli ikki tomonlama bo‘lganligi uchun ayrim joylarda duro‘ya deb ataladi. Kudunglanish natijasida yuqori navli adrasning bir tomoni atlasday silliq bo‘lib, ikkinchi tomoni tovlanib turadi. Gullari abr usulida bo‘lib, sariq, ko‘k, pushti, qizil ranglar qo‘llanilgan.
Adras 1920-yillargacha Marg‘ilon, Xo‘jand, Buxoro, Samarqand va boshqa joylarda to‘qilib, O‘rta Osiyo bozorlaridan tashqari Afg‘onison,Xitoy kabi qo‘shni mamlakatlarda ham sotilgan.
Ipak matolar orasida eng mashhuri abrli atlas va xonatlasdir. Ularning o’ziga xosligi - bezak va gullar matoga emas, balki o’rish ipining o’ziga chiziladi. Aytaylik, uzunligi 200 metr, eni 40 santimetr atlasni to‘qish uchun uch ming olti yuzta ipak tolani bir-biri bilan uyg’unlashtirish lozim. Bitta tola uzilsa ham mahsulot sifatiga putur yetadi. Shu bois matoga yangi element qo’shish juda qiyin. Iplarni "abr" usulida bo’yash ham katta mahorat talab etadi. E’tiborlisi, barcha ranglar tabiiy usulda, bo‘yoq beruvchi giyohlardan tayyorlanadi. Shu bois ular o‘z sifatini yo‘qotmaydi, ranglar qorishib ketmaydi.