13.12.2023
Virusli gepatit “A” kasalligi – bu o‘tkir yuqumli jigar kasalligi bo‘lib, qo‘zg‘atuvchisi gepatit “A” kasalligi virusi hisoblanadi. Har yili o‘n millionga yaqin odam ushbu kasallikka chalinadi.
Maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolalar boshqalarga nisbatan ko‘proq kasallanadi. Inkubatsion davri, ya’ni virusning organizmga tushishi va kasallikning ilk belgilari paydo bo‘lishi 15 kundan 50 kungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi.
Kasallikning yuqish yo‘li alimentar yo‘l bilan – virus bilan zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari, suv, o‘yinchoqlar va iflos qo‘l orqali yuqadi.
Virus tashqi muhitga chidamli 60°C haroratgacha bo‘lgan chuchuk va sho‘r suvda bir necha oylab saqlanishi mumkin.
Gepatit “A” kasalligi jigar to‘qimalarini yallig‘lanish va nekrozli o‘zgarishlar va intoksikatsiya (zaharlanish) sindromlarini paydo bo‘lishi, jigar va taloqni kattalashishi, jigar faoliyatining klinik va laborator buzilishlari, sariqlik belgilarining paydo bo‘lishi, siydik rangini to‘q rangga kirishi va axlatni rangsizlanishi bilan xarakterlanadi.
Kasallik klinikasida quyidagi simptomlar namoyon bo‘ladi: holsizlik va darmonsizlik, ishtaha yo‘qolishi, ko‘ngil aynish va qayt qilish, mushaklarda og‘riq. Yashash va ish joylarining sanitariya jihatdan qoniqarsiz holatda bo‘lishi, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilmaslik, aholining zichligi, oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash qoidalarini buzilishi, sifatsiz ichimlik suvidan foydalanish viruslarning ko‘payishiga sharoit yaratadi.
Virusli gepatit kasalligidan qanday himoyalanish kerak?
• Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish.
• Shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish, ovqat tayyorlash va ovqatlanishdan oldin, jamoat joylari va hojatxonaga borgandan so‘ng qo‘lni yaxshilab sovunli suvda yuvish.
• Oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash va saqlash jarayonlarida sanitar-epidemiologik qoidalarga rioya qilish.
• Meva va sabzavotlarni iste’mol qilishdan oldin oqar suvda yaxshilab yuvish, so‘ngra qaynagan suvda yuvish.
• Yashash joy gigienasiga rioya qilish: xonalarni shamollatish va namli tozalov ishlarini olib borish.
• Pashshalarga qarshi – ichak infeksiyalarini tashuvchilariga qarshi kurash.
Yodda tuting! Profilaktik qoidalar kundalik turmush tarzingizga aylanishi kerak!
Bundan tashqari, virusli gepatit “A” kasalligiga eng samarali usul bu kasallikka qarshi emlashdir!
G'ozg'on shahar SEO va JS bo'limi