25.12.2023
Yaqin tanishingiz yoki hamkasbingiz o‘zi olayotgan bank krediti uchun kafil bo‘lishingizni so‘radimi? Keling, avvalo, kafil shaxs kimligini va kafillikka rozi bo‘lishdan avval nimalarga e'tibor berish lozimligini ko‘rib chiqamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 292-moddasiga asosan, kafil - bu kafillik shartnomasi bo‘yicha boshqa shaxs o‘z majburiyatini to‘la yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni o‘z zimmasiga oluvchi shaxs.
Kafil bo‘lish – siz o‘ylagandan ko‘ra jiddiyroq ish hisoblanadi. Kafil va qarz oluvchi bank uchun deyarli bir xil. Agarda o‘z vaqtida to‘lanmagan kredit qarzdorligi vujudga kelganda, qarz oluvchining hisobvarag‘ida mablag‘i bo‘lmasa, banklar tomonidan qarzdorlikni undirish nimaga qarz oluvchiga tegishli boshqa mol-mulklarga qaratilmasdan, qarzdorlikni so‘ndirish darhol kafilning bank kartalaridagi mavjud pul mablag‘lari hisobidan akseptsiz (mijozning roziligisiz) tarzda amalga oshirilayotganligi bo‘yicha fuqarolar tomonidan e’tirozlar bildirilib, banklar bunday qilishga haqlimi, degan o‘rinli savollar vujudga kelmoqda.
Kredit bo‘yicha kafil bo‘lgan fuqarolar kafilning qonunchilik hujjatlari va hatto kafilning o‘zi imzolagan kafillik shartnomalari shartlari bilan belgilangan huquq va majburiyatlari, shuningdek, kafillik qay holarlarda bekor bo‘lishi to‘g‘risida batafsil ma’lumotga ega emasligi natijasida kafil, qarz oluvchi va kredit tashkiloti (bank va mikrokredit tashkiloti) o‘rtasida turli tushunmovchiliklar paydo bo‘lmoqda.
Shuni bilish lozimki, kafil shaxs kredit mablag‘i ajratgan kredit tashkiloti oldida qarz oluvchi bilan baravar hajmda javob beradi (kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa), shu jumladan, kafil shaxs kredit tashkilotiga qarzdorning o‘z vaqtida to‘lanmagan kreditining asosiy qarzi va unga hisoblangan foizlarini to‘lashdan tashqari, ushbu kreditni undirib olish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha sud xarajatlarini va qarzdor o‘z majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kredit tashkilotiga yetkazilgan boshqa zararlarni ham to‘laydi.
Siz kafillik shartnomasiga imzo chekkaningizdan so‘ng, kredit olgan shaxs bilan bir qatorda kreditni to‘lanishiga javobgar hisoblanasiz. Shu bois, kafillikka rozi bo‘lishdan avval quyidagilarni aniqlashtirishni tavsiya qilamiz:
- kredit summasi va foizi;
- kredit muddati, turi va maqsadi;
- to‘lov grafigi bo‘yicha oylik to‘lov summasi;
- garov mulklari qo‘yilgan yoki qo‘yilmaganligi;
- kredit olmoqchi bo‘lgan shaxsning boshqa kreditlari bor yoki yo‘qligi hamda oylik daromadlari.
Hurmatli fuqarolar!!!
Sizlardan boshqa bir shaxsning krediti bo‘yicha kafil sifatida qatnashishdan avval kelajakda o‘zingiz hamda qarz oluvchining moliyaviy holati yomonlashuvi sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni (moliyaviy yo‘qotishlar, kredit tarixi ma’lumotlari yomonlashuvi, turli protsessual jarayonlarda javobgar sifatida qatnashish) to‘g‘ri baholashingiz, moliyaviy imkoniyatlaringizni aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda tahlil qilishingiz so‘raladi.
Kafil bo‘lishdan avval o‘z moliyaviy imkoniyatlaringizni ham inobatga oling!
Elshod Abdurahmonov,
G‘ozg‘on shahar adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i.